Toshkent shahar, Olmazor tumani, Qorasaroy 47 +998 71 227 15 48 info@cisc.uz

Yangiliklar

O‘zbekistonda "Usmon mushafi"ning aynan nusxasi yaratildi
June 7, 2022

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati kundan-kunga yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Markaz faoliyati uchun bunyod etilayotgan majmua bilan birga mamlakatimiz ma’naviy hayotida muhim voqeliklar sodir bo‘lyapti.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida taniqli xattot Habibulla Solih tomonidan "Usmon mushafi"ning aynan ko‘chirilgan nusxasi Markazga taqdim etildi. Bu noyob va qimmatli tuhfa Markaz direktori Shoazim Minovarov hamda Markaz direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur tomonidan qabul qilib olindi.
Tadbirda O‘zbekistondagi diniy ulamolar, ziyolilar, soha mutaxassislari va tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Jarayondabevosita qatnashgan, Qur’oni karim tafsiri mualliflaridan biri bo‘lgan ulamo Shayx Abdulaziz Mansur bu qilingan ish nafaqat yurtimiz, balki jahon xattotligi san’ati va butun islom olami uchun katta va quvonchli voqea ekanligini ta’kidladi.
Xattot shunday fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
"Mahobatli inshoot barpo etilishidan ilhomlanib, imkon darajasida hissa qo‘shish niyatida buzoq terisidan maxsus tayyorlangan sahifalarga, mushaf matnining yoniga barcha uchun oson va tushunarli o‘qilishi maqsadida "nasx" uslubida o‘qilishini ham alohida yozdim. Jami 586 betdan ziyoda asar bo‘ldi. Asl nusxa sahifalarining cheti va ba’zi varaqlar yarmigacha nobud bo‘lgan qismlarini xuddi o‘zidek tiklashga harakat qildim. Ikki yillik tinimsiz mehnat natijasini bugun ko‘rib turibsiz."
Usmon Mushafining navbatdagi noyob nusxasi Islom sivilizatsiyasi markazining eng qimmatbaho eksponatlaridan biri sifatida saqlanadi.


O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati